Get Mystery Box with random crypto!

​ DEX va CEX birjalarning farqi nimada? Bugungi kunda kripto | HODL

DEX va CEX birjalarning farqi nimada?

Bugungi kunda kriptovalyutalar savdosi uchun mo’ljallangan 400 dan ortiq birjalar mavjud. Ushbu birjalarni ikki turga bo'lish mumkin: markazlashtirilgan (CEX) va markazlashtirilmagan (DEX).

CEX (Centralized Exchange) — markazlashtirilgan kriptovalyuta birjasi. Nomidan ko'rinib turibdiki, bunday birjani boshqarish yagona tashkilotning ma'suliyatida bo'ladi.

CEX birjalariga misollar: Binance, Coinbase, Kraken, FTX, UZNEX va boshqalar.

Markazlashtirilgan birjalar qanday ishlaydi?

Aytaylik, siz TON tangasini sotib olmoqchisiz. Bu uchun siz birjadan ro'yxatdan o'tishingiz, KYC (shaxsni tasdiqlash) amaliyotini bajarishingiz, bank ma'lumotlarini taqdim etishingiz kerak va shundan so'ng depozitga pul qo'yishingiz mumkin bo'ladi. Keyin siz tangani sotib olasiz va agar xohlasangiz, uni birjadagi boshqa tangalar almashtirishingiz mumkin bo'ladi. Aslida siz birjadagi aktivingizga to'liq egalik qilmaysiz chunki u aktiv birjaning yagona hisobida saqlanadi va birja siz uchun hamyon vazifasini bajaradi. Birjada amalga oshiradigan har qanday amaliyot, masalan, TON'ni Bitcoin'ga almashtirish, blokcheynda emas, balki birja ma'lumotlar bazasida amalga oshiriladi. Ya’ni aktivlar ustidan nazorat to'liq birja qo'l ostida bo'ladi.

DEX (Decentralized Exchange) — markazlashtirilmagan kriptovalyuta birjasi. Bunday birja blokcheyn texnologiyasida yaratilgan hisoblanadi.

DEX birjalariga misollar: Uniswap, Pancakeswap, SushiSwap va boshqalar.

Markazlashmagan birjalar qanday ishlaydi?

Markazlashtirilmagan birja odamlar o'rtasida savdo qilish uchun aqlli shartnomalardan foydalanadi. Bunday birjalarda vositachi bo'lmaydi. Ular teng huquqli almashish vazifasini bajaradi. Aktivlar hech qachon muzlatilmaydi va amaliyotlar (bu nafaqat xaridning o'zi, balki buyurtmani sotib olish yoki bekor qilish so'rovi va boshqalar) aqlli shartnomalar asosida amalga oshiriladi va blokcheynda qayd etiladi.

CEX va DEX birjalarning afzalliklari va kamchiliklari.

CEX afzalliklari:

— Fiat valyuta bilan muomala qilish imkoniyati;
— Savdo uchun ajoyib funksionallik;
— Yuqori likvidlik.

Kamchiliklari:
— Shaxsiy kalitlar bilan kirish imkoni yo'q;
— Shaxsni tasdiqlash;
— Xavfsizlik xavfi (CEX birjalar xakerlik tahdidlariga ko'proq uchraydi)

DEX afzalliklari:
— Savdodagi anonimlik;
— Aktivlar va shaxsiy kalitlar faqat uning egasida bo’ladi;
— Sizni hech kim bloklamaydi.

Kamchiliklari:
— Likvidlik CEX birjaga qaraganda past;
— Fiat valyuta qo'llab-quvvatlanmaydi.

Yuqorida CEX va DEX birjalar bilan tanishdingiz. Ulardan qay biridan foydalanish barchaning shaxsiy tanlovi hisoblanadi. Shu o’rinda, agar siz DEX yoki CEX birjalardan foydalansangiz, mablag’laringizni yo’qotib qo’ymaslik uchun eng avvalo moliyaviy xavfsizlik qoidalariga va foydalanayotgan xizmatingizning ishonchli ekanligiga e’tibor qaratishingiz kerak.

HODL