Get Mystery Box with random crypto!

​ TON Telegramga tegishlimi? Hozirgi kunda Telegram bilan bi | HODL

TON Telegramga tegishlimi?

Hozirgi kunda Telegram bilan birgalikda hamkorlik qilayotgan The Open Network (TON) kripto loyihasi Telegram foydalanuvchilarining e’tibor markazidadir. Xususan TON o’zbekzabon foydalanuvchilari o’rtasida juda katta shov-shuvga sabab bo’lgan. Telegram rasmiy reklamalarida ilk marta o’zbek tilida targ’ib qilingan va o’zbek tilida ilk kripto hamjamiyat yaratgan kripto loyiha ham TON hisoblanadi. Shu o’rinda, TON Telegramning loyihasimi? Unga Pavel Durov egalik qiladimi? Telegram TON bilan qanday hamkorliklar qilmoqda? singari savollar barchangizni qiziqtirayotgan bo’lsa kerak. Keling bugun bularning barchasiga oydinlik kiritamiz.

TON nima?

TON — 2017-yilda aka-uka Pavel va Nikolay Durovlar tomonidan asos solingan yangi avlod blokcheyni hisoblanadi. Aka-uka Durovlar loyihani “GRAM” deb nomlashgan va “GRAM”ni Telegramning ichki valyutasi sifatida qabul qilishmoqchi bo’lishgan. Biroq 3 yildan so’ng AQSh Qimmatli qog'ozlar va birjalar komissiyasining (SEC) bunga qarshi qarori bilan Telegram loyihadagi ishtirokini to’xtatgan.
2018-yilda “GRAM” 171 investordan 1,7 milliard dollar sarmoya to’plagan edi. Bu kripto tarixida eng ko'p sarmoya yig’ilgan loyiha bo’ldi. Ammo SEC’ning qaroridan so’ng Durov investorlarga mablag’larning bir qismini dollarda, bir qismini esa Telegram aksiyalari hisobidan qaytarishga majbur bo'ldi. “GRAM" investorlarining orasida Roman Abramovich va “Qiwi” asoschisi Sergey Solonin ham bo'lgan. Hozirgi kunda loyiha ko’ngilli dasturchilarning ochiq hamjamiyati tomonidan TON (“The Open Network” ) ya’ni “Ochiq Tarmoq” nomi bilan rivojlantirilmoqda. Qisqa qilib aytadigan bo’lsak Telegram yoki Pavel Durov TON loyihasiga egalik qilmaydi. TON ayni vaqtda mutlaqo ochiq hamjamiyat tomonidan rivojlantiriladi.

Telegram va TON hamkorligi

Telegram Web 3.0 bilan integratsiyani TON blokcheyni orqali amalga oshirmoqda. Endi messenjerdagi @wallet hamyoni orqali foydalanuvchilar o'zaro TON o’tkazmalarini tez va qulay shaklda amalga oshirishlari mumkin. Ayni vaqtda @wallet hamyonidaga P2P bozori orqali TON tangalarini o’zbek so’miga ham sotib olishingiz mumkin.

Shu bilan birgalikda Fragment “username”lar kim oshdi savdo platformasidagi savdolar ham TON blokcheynining aqlli shartnomalari orqali amalga oshirilmoqda. Endi messenjer foydalanuvchilari ushbu platforma orqali o'zlariga tegishli bo’lgan “username”larni kim oshdi savdosiga qo’yishlari mumkin. Pavel Durovning ta'kidlashicha, kelgusida Telegramning TON blokcheyni bilan hamkorligi yanada kengayadi va hatto Telegram kanallar ham TON aqlli shartnomasi orqali kim oshdi savdolarida sotiladi.

TON blokcheyni boshqa blokcheynlardan o’tkazmalar tezligi, o’tkazma komissiyasining kamligi va Telegram kabi hamkorga ega ekanligi farq qiladi. Siz bu haqida batafsil ma’lumotni loyihaning rasmiy ton.org sayti orqali olishingiz mumkin.

Loyihaning Telegramdagi rasmiy o’zbek hamjamiyatining kanali @toncoin_uz hisoblanadi. Siz ushbu kanal orqali loyiha haqida o’zbek tilida ham ma’lumot olishingiz mumkin. TON so’ngi vaqtlarda ko’plab yangiliklar amalga oshirmoqda. Kelgusida sizlarni TON ekotizimi bilan yaqindan tanishtirib o’tamiz.

HODL